O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini rivojlantirish hamda xodimlarni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati ishlari bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisob beradi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi to‘g‘risida”gi Nizom Agentlikning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va masʼuliyati, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘z nomi yozilgan va O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhr va blankalarga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga egadir.
Agentlik markaziy apparat va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda 12 ta viloyatlardagi filiallaridan iborat.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasini, uni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatning amalga oshirilishini taʼminlash;
Davlat organlari va tashkilotlarining davlat kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarini monitoring va tahlil qilish hamda ushbu sohadagi muammolar va tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish;